Insonning tarixi va taqdiri faqatgina faktlardan iborat boʻlmaydi, u sanalar va lavozimlar bilan cheklanib qolmaydi. Bu tarix uning bosib oʻtgan yoʻli va hayotiy tanlovlari, yengib oʻtilgan qiyinchiliklar va kasbga sadoqatidan tashkil topadi. Mirzayusup Rustambayevning hayot yoʻli – bu ilmga sadoqat, odamlarga mehr va Vatanga xizmat bilan yoʻgʻrilgan ma'naviyatli safardir. U yurt taraqqiyoti uchun huquq ilmining chuqur qirralarini oʻrganib, oʻz shogirdlarini bilim bilan qurollantirgan, hayotini adolat, haqiqat va inson qadrini ulugʻlashga bagʻishlagan insondir. Uning jasorati – ilmiy izlanishlarda, yuragidagi vatanparvarlik – qonunlar islohotida, qalbidagi insoniylik esa yuzlab yoshlarga bagʻishlangan mehri va baxt ulashgan amaliy ishlarida mujassam desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ustozning toʻlqinlanib turgan yaratuvchanlik rejalarini koʻrib, bu tabarruk insonning 72 yoshni qarshilaganlariga ishongingiz kelmaydi goʻyo. Zero yoshlar bilan ishlagan sayin odam yosharib boraverar ekan. Ana shu yoshlik zavqi hech qachon ustozni tark etmasin! Hamisha erishgan muvaffaqiyatlariga olqishlar yogʻilaversin! Doimo yoshlarning oldingi safida bardam boʻlib, oʻrnak koʻrsatib yurishlarini tilab qolamiz!