Toshkent shahrining Chilonzor tumanida mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash bо‘yicha ol…

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash bо‘yicha olib borilgan ishlar yakunl…

Chilonzor tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-1 va PQ-253-sonli qarorlari ijrosi yuzasidan yakuniy yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda 2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning erta oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijalari muhokama qilindi va tahlil etildi.

Yig‘ilishda Chilonzor tumani hokimi, tuman prokurori, IIB FMB boshlig‘i, Jamoat xavfsizligi universiteti ishchi guruhi a’zolari, mahalla raislari va "mahalla yettiligi" vakillari ishtirok etdi.

Tuman hokimi o‘z ma’ruzasida 2025-yil yakuni bo‘yicha tumandagi 3 ta mahallada jinoyat sodir etilmagani sababli ular yashil toifaga kiritilganini, 52 ta mahallada jinoyatchilik kamaygan yoki o‘sishiga yo‘l qo‘yilmagani uchun sariq toifaga kiritilganini ta’kidladi.  Asosiy yutuq sifatida 2025-yil boshida tumanda 6 ta qizil toifadagi mahalla bo‘lgan bo‘lsa, yil oxiriga kelib birorta ham qizil toifadagi mahalla qolmagani alohida qayd etildi. Tuman hokimi bu natija ushbu yo‘nalishda olib borilgan umumiy muvofiqlashtirilgan faoliyat mahsuli ekanligini alohida ta’kidladi. Ta’kidlanganidek, yil davomida o‘tkazilgan manzilli profilaktik tadbirlar natijasida aksariyat mahallalarda kriminogen vaziyat yaxshilangan. Hokim kelgusi yilgi ishlarni rejalashtirishda mahallabay tahlil asosiy mezon bo‘lishini ta’kidladi.

Tuman prokurori jinoyatchilik holati, xususan, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar dinamikasi haqida ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashda profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish, videokuzatuv kameralari va "tashvish tugmalari"ni o‘rnatish ijobiy natija bermoqda. Ushbu texnik vositalar jinoyatlarni o‘z vaqtida aniqlash va tezkor choralar ko‘rish imkonini berishi qayd etildi.

IIB FMB boshlig‘i huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi. Xususan, mahallalarda "Xavfsiz xonadon", "Xavfsiz yo‘lak" va "Xavfsiz ko‘cha" tamoyillari asosida profilaktika ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi. Bu chora-tadbirlar aholi bilan yaqin muloqotni kuchaytirish, xavf omillarini erta aniqlash va profilaktik ta’sir choralarini qo‘llashga qaratilgani ta’kidlandi.

Yuqoridagi maqsadlarga erishishda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti ishchi guruhining faoliyati alohida e’tirof etildi. Professor-o‘qituvchilar jamoat xavfsizligini ta’minlashga ilmiy yondashuv asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning erta oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirishni ilmiy-uslubiy jihatdan ta’minlash bo‘yicha faoliyat olib bordilar. Mahallalardagi muammolarni faqat jinoyat oqibatidan kelib chiqib emas, balki uning sabablarini ilmiy tahlil qilgan holda hal etish muhimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida PQ-1 va PQ-253-son qarorlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tegishli xulosalar chiqarilib, kelgusi davrga mo‘ljallangan aniq vazifalar belgilab olindi. Mahallalarda jamoat xavfsizligini ta’minlash, profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish va idoralararo hamkorlikni mustahkamlash ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

3202
Chop etish
Text to speech