Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti oʻzgaruvchan tarkibi oʻrtasida Mustaqilligimizning 34 yilligiga bagʻishlangan harbiy estafeta musobaqasi oʻtkazildi. Undan koʻzlangan asosiy maqsad 2024 yil 4-dekabrda qabul qilingan “Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori ijrosini ta'minlash edi. Musobaqa qatnashchilari boʻlmish terma jamoalar 5ta shart doirasida oʻzaro bellashdilar. Harbiy mahorat, jismoniy epchillik va kuch-qudrat talab etadigan bosqichlarda ishtirokchilarning har bir harakati qattiq talabchanlik asosida baholab borildi. Ayniqsa, universitetning oʻquv-uslubiy situasion markazida kechgan bosqichda shartli dushmanga qarshi kurash, xushyorlik va jangovar qurollardan samarali foydalanish imkoniyatlari alohida sinovdan oʻtdi. Murosasiz, qizgʻin jarayonlarda kechgan musobaqalar nihoyat jamoaviy birlik qudratini ifodalovchi arqon tortish bellashuvlari bilan yakunlandi. Muhimi, Jamoat xavfsizligi universiteti oʻzgaruvchan tarkibi oʻrtasida Mustaqilligimizning 34 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan harbiy estafeta musobaqasida osoyishtaligimiz qalqonlarining bilim va mahoratlari naqadar mustahkam ekanligi yaqqol namoyon boʻldi. Gʻolib va sovrindor jamoalarga tantanali suratda kubok va diplomlar topshirildi.