Universitet kursantlari Qozog‘istonda akademik mobillik dasturida ishtirok etdilar

Universitet kursantlari Qozog‘istonda akademik mobillik dasturida ishtirok etdilar

O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Barimbek Beysenov nomidagi Qarag‘anda akademiyasida 2025-yil 10-sentabrdan 20-sentabrgacha bo‘lib o‘tgan akademik mobillik dasturida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Ushbu tadbir ikki mamlakat o‘rtasidagi HMQO xodimlarini tayyorlash sohasidagi ta’lim hamkorligini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Dasturda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining 10 nafar kursanti ishtirok etdi. Universitet delegatsiyasiga Xorijiy harbiy kadrlar bilan ishlash fakulteti boshlig‘i polkovnik S.M. Nizomov boshchilik qildi. Universitet kursantlari Qarag‘anda akademiyasining ilg‘or ta’lim metodlari bilan tanishdi, jamoat xavfsizligi, kriminologiya va huquqni qo‘llash amaliyoti bilan bog‘liq darslar va amaliy mashg‘ulotlarga qatnashdi. O‘zbekistonlik kursantlar tajribali o‘qituvchilar va akademiya xodimlari rahbarligida tashkil etilgan seminarlar, master-klasslar va dala mashqlarida faol ishtirok etdi. Ayniqsa, huquqni muhofaza qilish sohasida raqamli texnologiyalardan foydalanish va “Adolat maydoni” loyihasi kabi korrupsiyaga qarshi tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi. Akademik mobillik dasturlari Markaziy Osiyoda yagona ta’lim makonini shakllantirishga va kelajakdagi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining malakasini oshirishga xizmat qiladi va bilim almashinuvi ikkala tomon uchun foydali bo‘lganiga ishonamiz. Dastur Qozog‘iston va O‘zbekiston ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik shartnomasi doirasida tashkil etildi. Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari tadbirning yuqori darajada tashkil etilganligini va olingan ko‘nikmalarni amaliyotda qo‘llash imkoniyatini yuqori baholadi. O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti mintaqada jamoat xavfsizligini ta’minlash uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiluvchi xalqaro aloqalarni rivojlantirishda davom etmoqda.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

731
Chop etish
Text to speech