Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida aholining tinch va farovon hayotini ta’minlash, qonuniylik va jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, “xalq manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida jamoat xavfsizligi yo‘nalishida ishlarni tashkil etishning mutlaqo yangi mexanizmlari va tartiblari joriy etilmoqda, davlat organlarining jamoat tuzilmalari bilan tizimli hamkorligi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Dunyoning turli nuqtalarida yuz berayotgan mojarolar va harbiy harakatlar shuni anglatmoqdaki, bularning barchasi insoniyatning zaif tomonlaridir, barcha davlatlar va xalqlar o‘zaro bog‘liqdir, ularning o‘zaro ishonchi va yaqin hamkorligi Yer yuzida tinchlikning asosiy kafolatidir.
2025-yil 12-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida qo‘riqlash texnologiyalari sohasidagi dolzarb muammolarni ilmiy-amaliy jihatdan o‘rganish va tahlil qilish, xalqaro va xorijiy tajriba bo‘yicha fikr almashish, shuningdek, milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish maqsadida “Obyektlarni qo‘riqlash bo‘yicha texnik xavfsizlik vositalari majmualarining rivojlanish istiqbollari: xalqaro tajriba” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Konferensiyada dunyoning yetakchi kompaniyalari vakillari, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar va izlanuvchilar, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati A. Temur nomidagi Akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi FVV Akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hududiy o‘quv markazlari vakillari, shuningdek “Temurbeklar maktabi” o‘qituvchilari faol ishtirok etishdi.
Konferensiya quyidagi tarkibda bo‘lib o‘tdi:
Kirish so‘zi – yuridik fanlari doktori, professor, polkovnik Rustambayev Mirzayusup Hakimovich, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti boshlig‘i.
Ma’ruza bilan chiqqanlar:
Avdeenko Maksim – “Milestone Systems” kompaniyasining MDH mamlakatlari va Shimoliy-Sharqiy Yevropa bo‘yicha texnik yechimlar eksperti, Bolgariya Respublikasi, Sofiya shahri. Ma’ruza mavzusi: “Operativ tahlil va qaror qabul qilishni qo‘llab-quvvatlash uchun integratsiyalashgan videoplatformalar: Milestone XProtect imkoniyatlari”.
Finkelshteyn Aleksandr – “BriefCam” kompaniyasining MDH mamlakatlari bo‘yicha analitika direktori, Isroil, Tel-Aviv shahri. Ma’ruza mavzusi: “Operativ tahlil va qaror qabul qilishni qo‘llab-quvvatlash uchun integratsiyalashgan videoplatformalar: Milestone XProtect va BriefCam’ning birgalikdagi imkoniyatlari”.
Arif Ilker Ipekci – O‘zbekistondagi “ASELSAN” ofisi direktori va Mert Karamanci – obyektlar xavfsizligi bo‘yicha loyiha menejeri. Ma’ruza mavzusi: “ASELSAN xavfsizlik konsepsiyasi va qo‘llanilish misollari: FacilityGUARD – obyektlar xavfsizligi, CityGUARD – shaharlar xavfsizligi, LineGUARD – liniyalar xavfsizligi, BorderGUARD – chegaralar xavfsizligi”.
Dorofeyev Gennadiy – “Rubej” kompaniyasining loyiha bo‘limi yetakchi muhandisi, Rossiya Federatsiyasi, Saratov shahri. Ma’ruza mavzusi: “Obyektlarda manzilli yong‘in signalizatsiyasi tizimidan foydalanish”.
Usmanov Azizxon – “HITECH ROBOTICS” loyihalar bo‘yicha menejeri. Ma’ruza mavzusi: “O‘zbekistonda robotlashtirilgan xavfsizlik va obyektlarni qo‘riqlash tizimlarini joriy etish istiqbollari: xalqaro tajriba va mahalliy yechimlar”.
Isakov Suxrob – “Hikvision” loyihalar bo‘yicha menejeri. Ma’ruza mavzusi: “Qo‘riqlanadigan hududlarda perimetr zonalarini ta’minlash bo‘yicha kompleks xavfsizlik tizimlari”.
Har bir ma’ruza yuzasidan muhokama jarayonida aniqlashtiruvchi savollar berildi, qisqa sharhlar va fikrlar bildirildi. Yetakchi mutaxassislar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berildi, jamoat xavfsizligini ta’minlashda qo‘riqlash faoliyatini texnik jihatdan takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ilgari surildi. Mazkur tadbirlarni muntazam o‘tkazib borish muhimligi ta’kidlandi.