OLIMPIADA BILIMDONLARI MUNOSIB TAQDIRLANDI

OLIMPIADA BILIMDONLARI MUNOSIB TAQDIRLANDI

Barchamizga ma’lumki, mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish ezgu maqsadi yo‘lida hayotimizning turli sohalarida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Bunday ezgu maqsadlarga erishishda bilimli va vatanparvar yoshlar asosiy tayanch vazifasini o‘tamoqda. Binobarin, yurtimiz o‘tmishda jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lganini doim yodda tutmog‘imiz darkor.

E’tirof etish zarurki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yoshlarni amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirochisiga aylantirish, ilm-fanni o‘zlashtirishga bo‘lgan rag‘batini oshirish, izlanuvchanlik va yaratuvchanlik faoliyatiga keng jalb qilish, zamonaviy yo‘nalishlarni qisqa vaqt ichida o‘rganib,  sun’iy intellekt borasida yirik startap loyihalarni ishlab chiqish, jahon miqyosida Vatanimiz dovrug‘ini keng taratgan ajdodlarga munosib avlodni tarbiyalash bo‘yicha muhim vazifalar bajarilmoqda.

2025-yil 28-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida respublikamizning еtakchi oliy va oliy harbiy ta’lim muassasalari psixologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba-kursantlari o‘rtasida “Umumiy psixologiya” fanidan olimpiada o‘tkazildi.

Olimpiadada quyidagi oliy va oliy harbiy ta’lim muassasalari talaba-kursantlari ishtirok etdilar:

  1. O‘zbekiston Xalqaro islomshunoslik akademiyasi;
  2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi;
  3. O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti;
  4. O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.

Fan olimpiadasi “Test topshiriqlari”, “Blits savollar” hamda “Zakovat” shartlari asosida o‘tkazildi. Test sinovlari “My test” dasturi asosida inson omili ishtirokisiz o‘tkazildi. Qatnashchi talaba-kursantlar 30 ta savoldan iborat test topshiriqlariga 35 daqiqada javob berdilar.

“Blits savollar” shartida psixologiya fanlari doktori, professor Ergash G‘oziyevning “Umumiy psixologiya” fani darsligidan 10 ta savollar ishtirokchilarga o‘qib eshittirildi. Intellektual tanlov ishtirokchilari jamoaviy mushohadaga kirishib, 10 ta savolga javoblarni maxsus javoblar blankiga yozib belgilangan vaqtgacha hay’at a’zolariga topshirishdi.

Mantiqiy-psixologik savollar o‘qib eshittirilgan “Zakovat” shartida esa qatnashchi oliy va oliy harbiy ta’lim muassasalari talaba-kursantlari bu shartda ham jamoalar tarkibida ishtirok etdilar. Ekspertlar tomonidan tayyorlangan mantiqiy-psixologik savollarga jamoalar berilgan vaqt oralig‘ida  javob berishga harakat qilishdi.

Fan olimpiadasi “Test topshiriqlari” shartida, nizomga keltirilgan tartibda ishtirokchilar individual tarzda baholanib, “Eng ilg‘or psixolog” nominatsiyasiga ko‘ra quyidagi natijalar belgilandi:

“Eng ilg‘or psixolog” nominatsiyasi bo‘yicha kursant Qobulov Sardor Xakimjon o‘g‘li – O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash” yo‘nalishi ikkinchi bosqich kursanti;

Fan olimpiadasining “Blits savollar” va “Zakovat” sharti natijalariga ko‘ra, quyidagi nominatsiya hamda o‘rinlar qo‘lga kiritildi:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti – “Eng zukko jamoa”;
  2. O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi – “Eng faol jamoa”

Oliy o‘rin - O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti;

1-o‘rin - O‘zbekiston Xalqaro Islomshunoslik Akademiyasi;

2-o‘rin - O‘zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligi Akademiyasi;

3-o‘rin - O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetiga nasib qildi.

2972
Chop etish
Text to speech