Xabarangiz bor, Mamlakatimiz Prezidenti 2024 yil 12 yanvar kunidagi Xavfsizlik Kengashining kengaytirilgan yigʻilishida jamiyatimizda, yoshlarimiz orasida harbiy-vatanparvarlikni mustahkamlash, yoshlarni bandligini ta'minlash va ularni kasbga yoʻnaltirish boʻyicha muhim topshiriqlar berib, uyushmagan yoshlarni nomma – nom biriktirish va ular bilan ishlash boʻyicha harbiy va huquqni muhofaza qiluvchi organlarni toʻrt sektori boʻyicha biriktirilishi belgilangan edi. Shuningdek, shunday yoshlar toifasining besh mingtasini Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universiteti tomonidan vatanparvarlik, jamiyat hayotiga dahldorlik, qonunga hurmat ruhida tarbiyalash va kasbga yoʻnaltirish boʻyicha oʻqitish va tarbiyalash belgilandi. Ushbu vazifalarni bajarish maqsadida 2024 yil 26-28 fevral kunlari Namangan va Andijon viloyatidagi ikki yuz nafarga yaqin uyushmagan yoshlar “Vatanning sodiq yoshlari” oʻquv yigʻiniga jalb etildi. Oʻquv yigʻini doirasida yoshlar harbiy kiyim-kechak, oziq ovqat va transport ta'minoti bilan ta'minlandi. Hududlarda oʻtkazilgan oʻquv yigʻinlari davomida yoshlarga harbiycha safda yurish qoidalari, huquqiy savodxonlik saboqlari, harbiy-vatanparvarlikning ustuvor yoʻnalishlari, oʻq otish tayyorgarligi saboqlari, ommaviy qirgʻin qurollaridan himoyalanish, Chavandozlik mahorati saboqlari, togʻ balandlikka chiqish kabi har bir navqiron yigit uchun hayotda zarur boʻladigan oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi. Shuningdek, oʻquv yigʻini ishtirokchilari boʻlgan yoshlar uchun Jamoat xavfsizligi universiteti psixologlari tomonidan yoshlarni kasbga yoʻnaltirish boʻyicha “Psixologik trening”lar oʻtkazildi. Ushbu motivatsion trening natijasida yoshlar kasb tanlash sohasida muhim bilimga ega boʻldilar. Yoshlarni zamonaviy informatsion texnologiyalarga qiziqtirish, ulardan amaliy foydalanish maqsadida ular ishtirokida “Kiber sport oʻyinlari” mashgʻulotlari ham tashkil etildi. O'quv yig'ini yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi va esdalik uchun rasmga ham tushishni unitishmadi. Viloyat hokimliklari bilan hamkorlikda yoshlarni kasb tanlashga oid koʻnikmalari, kasb mahoratini oʻrganish maqsadida hududlarda tashkil etilgan barcha zamonaviy kasblar uchun jihozlar bilan ta'minlangan viloyat “Monomarkazlari”ga tashriflari ham amalga oshirildi.
Namangan va Andijon viloyati Yoshlar ishlari agentligi, Milliy gvardiya boshqarmalari bilan hamkorlikda boʻlib oʻtayotgan “Vatanning sodiq yoshlari” oʻquv yigʻinlari yoshlarni vatanga dahldorlik hissini oshirishga, ularni toʻgʻri yoʻlda oʻz kasb-koriga ega boʻlishga, harbiy xizmat va harbiy ta'limga qiziqishini yana bir karra oshirishga xizmat qiladi. Mana shunday oʻquv yigʻinlari orqali yil davomida besh mingga yaqin yoshlarni oʻqitish va tarbiyalash maqsad qilingan.